|
Tabiat rang-barangligi konvensiyasi 1992 yilda 156
davlat tomonidan Rio-dye Janeyro BMT anjumanida qabul qilingan, 1995 yilda
O`zbekiston shu konvensiyani ratifikatsiya qilib, o`zining zimmasiga Respublika
biologik xilma-xilligini asrashni oldi.
Respublikaning 10% yer maydoni muhofaza qilinadigan
hududlar (milliy bog`, qo`riqxona, buyurtmaxona, ekomarkaz, botanika bog`lari,
hayvonot bog`i) bo`lishi lozim, hozirgi kunda esa bu hudud 2% ni tashkil
qiladi, xolos.
O`zbekistonning tabiiy sharoitlari rang-barang (har
xil tipdagi cho`llar, adirlar, o`rmonlar, madaniy landshaftlar) bo`lganligi
tufayli o`simlik va hayvonot olami ham xilma-xildir.
1997 yilning 26 dekabrida O`zbekiston Oliy Majlisi
tomonidan «O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan ratsional foydalanish»
va «Hayvonlar dunyosini muhofaza qilish va undan ratsional foydalanish»
qonunlari qabul qilindi.
2005 yil Prezidentimiz I.Karimovning taklifi bilan
sihat-salomatlik yili deb e'lon qilindi, shunday ekan tabiat ham
sihat-salomatlik bo`lishi shart, chunki inson ham tabiatning mahsulidir va usiz
yashay olmaydi. Tabiat sog`lom bo`lsa, albatta odamlar ham sog`lom hayot
kechiradilar.
Tabiiy xilma-xillikni asrash dastlab uni chuqur
bilishdan boshlanadi. Shunday ekan, Samarqand viloyatida uchraydigan va
O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan o`simlik va hayvon turlari
to`g`risidagi ma'lumotlar ko`pchilik tabiatni sevuvchi yurtdoshlarimizni
albatta qiziqtirishi shubhasiz.
|